Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan farmatsevtika korxonalarida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari, mavjud quvvatlar hamda istiqboldagi rivojlanish rejalari bilan tanishdi.
Xizmat safari davomida 2025-yilda ishga tushirilgan “Nano Pharmaceutical” korxonasi faoliyati ham ko‘zdan kechirildi. Korxonada zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulotlar sifati nazorati tizimi, innovatsion yechimlarni joriy etish hamda mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.
Shuningdek, korxona rahbariyati bilan o‘tkazilgan muloqotda ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish va yangi turdagi dori vositalarini o‘zlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Mazkur uchrashuvlar hududlarda farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.