Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi, «CRPT Turon» MChJ, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni hamda dori vositalarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ishtirokida onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Jumladan:
➡️ ortiqcha to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) qaytarish mexanizmini yanada takomillashtirish;
➡️ dori vositalarini raqamli markirovkalash jarayonida uchrayotgan muammolar;
➡️ MXIK kodlarini rasmiylashtirish tartibi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida referent narx belgilangan dori vositalarini tasdiqlangan narxlardan yuqori qiymatda realizatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmasligi, shuningdek, mazkur talablarga rioya etilishini ta’minlash maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan elektron hisobvaraq-fakturalar hamda onlayn nazorat-kassa texnikalarida tegishli validatsiya mexanizmlari joriy etilgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, 2026-yil 1-apreldan boshlab taxminan 2500 nomdagi retsept asosida beriladigan dori vositalari uchun referent narxlar qayta ko‘rib chiqilib, pasaytirilgani hamda ushbu narxlar:
➡️ 2026-yil 1-iyundan ulgurji savdo subyektlari uchun;
➡️ 2026-yil 1-iyuldan esa dorixonalar uchun amal qilishi haqida yana bir bor ma’lumot berildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan bildirilgan murojaat va takliflar yuzasidan mas’ul davlat organlari va tashkilotlar vakillari tomonidan batafsil tushuntirishlar berildi, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
Uchrashuv yakunida davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi ochiq muloqotni yanada mustahkamlash, sohadagi mavjud muammolarni tezkor hal etish maqsadida bunday uchrashuvlarni muntazam tashkil etib borish muhimligi qayd etildi.